Har tuning qadr o`lubon,
Har kuning o`lsin Navro`z !
Tarixiy manbalarga ko`ra, Navro`zni bayram qilish ahmoniylar davridan boshlangan. Lekin uning o`lkamiz hududida nishonlana boshlaganiga uch ming yildan oshdi. Navro`z bayrami haqidagi yozma ma`lumotlar Abulqosim Firdavsiyning "Shohnoma", Abu Bakr al-Narshaxiyning "Buxoro tarixi", Mahmud Koshg`ariyning "Devonu lug`otit-turk", Abu Rayhon Beruniyning "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar", Umar Xayyomning "Navro`znoma" asarlarida uchraydi. Asrlar bo`yi bu bayram xalqning turmush tarziga singib, sayqal topib, takrorlanmas milliy qadriyatga aylandi. U elimiz orzu a`mollari, niyat va maqsadlarini uzida aks ettirgan go`zallik va nafosat ayyomidir. Donishmand ajdodlarimiz bayramga bir necha kun avval tayyorgarlik boshlashgan va salkam bir oy davom etgan. Bug`doy undirishga qo`yilgan va uning maysasidan sumalak tayyorlangan. Onalarimiz ko`kat chuchvara, yalpiz somsa kabi mazali taomlar pishirgan. Er yigitlar o`z kuch va jasoratini ko`rsatib, otchopar, uloq, kurash singari xalq o`yinlarini o`tkazishgan. Bahor haqida sho`x-shodon qo`shiqlar kuylangan. Navro`zning birinchi kuni qishloq joylarida bolalar to`p-to`p bo`lib xonadonlar eshigi oldida bayramni tarannum etuvchi ashulalar aytishgan. Xonadon egalari esa ularni turli sovg`a-salom va eguliklar bilan siylagan. Bolalar eguliklarning bir kismini qishloqdagi beva- bechoralarga, yetim-yesirlarga ulashganlar. Bu udum hozir ham Samarqand va Jizzax viloyatlarining ayrim qishloqlarida saqlanib qolgan. Har yili Navro`z tantanalari arafasida o`tkaziladigan umumxalq hasharlarida o`zbekning ulkan bunyodkorlik va yaratuvchilik salohiyati namoyon bo`lyapti. Bayram ko`rki jamoli, uning tarovatida shu Vatanda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning eng yaxshi an`analari, do`stligi va birodarligi, hamjihatligi o`z aksini topishi bejiz emas. Zero, osmoni musaffo, zamini hosildor, suvi shirin, insonlari bag`ri keng shunday go`zal yurtga bayramlar yarashadi...
Mirzohidbek Parpiyev